Maktab yoshimda Tushlikka bir necha tanlov bor edi. Uydan olib kelish. Do'kondan tez tayyorlanadigan lapsha olib yeyish. Eringanimdan bo'lsa kerak, ketma-ket lapsha yeyishni boshladim.

O'shanda bir o'zgarish sezgandim. O'tkirgina, ziravorlarga to'la rolltonni ko'p yeyurish, oddiy ovqatlarning ta'mini pasaytirib qo'yar edi. Qancha ko'p lapsha yesam, shuncha qovurilgan tuxumlari va mantilarini yegim kelmay qolar edi.

Katta bo'lib tushundim. Tez tayyorlanadigan ovqatlar tarkibiga natriy glutamat qo'shilar ekan. Pomidor va yapon suv o'tidan olinadigan kimyoviy qo'shimcha. Bir necha gramm glutamat yesak, ikkita steyk yegandek his olamiz. Balki steykdan ham kuchliroq ta'sir qilar. Chunki go'shtdan glutamat kislotasi ajralishi uchun uni uzoq chaynash kerak. Og'izda tennis koptokini otganday, u chetdan bu chetga otish kerak. Ya'ni, tabiiy glutamatni sezish mehnatsiz bo'lmaydi.

Sun'iy glutamatda esa chaynash shart emas. Tilimizga qo'nishi yetarli. O'sha go'shtning ta'mini olamiz. Sun'iy glutamatni iste'mol qilish, otda yurgan odam mashinaga o'tirishiga o'xshaydi. Tugma telefonli o'smir, iPhonega o'tishiga o'xshaydi. Do'kondan disk olib video ko'rib yurgan bola, Youtubeni topib olishiga o'xshaydi. Osonroq, qulayroq, tezroq va arzonroq ham.

Ana shu kuchli ta'sir sabab, natriy glutamat ko'p qo'shiladigan yemishlar og'zimizga yoqadi. Chips. Kolbasa. Sosiska. Kartoshkadan tayyorlanadi, kartoshkadan shirinroq. Go'shtdan tayyorlanadi (agar qo'shishsa), go'shtdan shirinroq. Yana chaynamay turib. Bolalarga shulardan birortasini berishni boshlasak, boshqa ovqatga qaragisi ham kelmay qoladi.

Shakar ham shunga yaqin his beradi. Choyimizga ikki qoshiqqina shakar solamiz. Shuncha shakar tabiiy ravishda ichimizga tushishi uchun esa, bitta olma yeyishimiz kerak. Bitta olmani chaynab yutish osonmi? Yoki ikki choy qoshiq shakarni ichish? Shu sabab ham nafsimiz har safar shakarni tanlasa kerak. Liftda oltinchi qavatga chiqayotganni, zinada chiqishga ko'ndirib bo'larmidi?

Lift misolini bekorga keltirmadim. Muallifning (turkiyadagi) mahallasida uchinchi qavatga liftda chiqadiganlar bor. Ikkinchi qavatga liftga chiqadiganlar bor. Lift kelishini kutib ham turishadi.

Bugungi mavzumiz ovqatlanish emas. Kam mehnat bilan mukofot olish.

Glutamat va shakar tabiiy ovqatni chaynashga erintirgani kabi, kam mehnatli mukofot ham bizni ishlashga erintira boshlaydi.

Kam mehnatli mukofot nima?:

Ko'chirilgan yechim uchun baho olish.

Yodlangan ma'lumotni gapirib, maqtov olish.

To'liq ishlamay, to'liq oylik olish.

Chala ish topshirib, rivojlanib ketish.

Mutaxassis bo'lmay, mutaxassisdek ko'rinish.

Birovning gaplari bilan auditoriya yig'ish.

Tanish-bilish bilan yog'li ishlarga joylashish.

Sun'iy intellektning ishini o'zimizniki qilib ko'rsatish.

Sun'iy intellektga ishimizni qildirib, odamning oyligini olish.

Bitta qilib etganda, ishimizga yarashmaydigan mukofot olish. Aylanib o'tish. Cheat-code ishlatish. G'irrom yo'llarni qidirish.